
84 – mavsum ochilishi!

Keyingi yillar mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini isloh qilish, xalqimizning boy madaniy merosi an’ana va qadriyatlari ulug‘ ajdodlarimizining ibratli hayotini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ana shu e’tibor mahsuli o‘laroq Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida “Alpomishning qaytishi” hamda Termiziy allomalarining ibratli hayotlarini targ‘ib qiluvchi “Ziyo qal’asi” va Al – Hakim at – Termiziy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Allomai zamon” spektakllari sahnalashtirildi. 2019 yil 6 sentyabr kuni teatrning 84 – ijodiy mavsumi Ubaydullo Uvatov, G‘iyosiddin Shermuhammad qalamiga mansub “Allomai zamon” spektakli bilan boshlandi.
Ochilish marosimida so‘z olganlar teatrning ijodiy faoliyati davomida amalga oshirilgan ishlari borasida tomoshabinlarga atroflicha tushunchalar berishdi. Shundan so‘ng “Allomai zamon” spektakli namoyish etildi. Buyuk allomaning ibratli hayoti va ijodiga bag‘ishlangan spektaklning har bir sahna ko‘rinishi tomoshabinlarning davomli qarsaklari bilan kuzatib borildi. Spektakl yakunida bobokalonimizning ilmu – ma’rifat yo‘lidagi izlanishlaridan ruhlangan tomoshabinlar tomosha zalida o‘rinlaridan turib ijodkorlarni sahna pardalari yopilguniga qadar olqishlar bilan kuzatishdi. Teatrning harakatdagi repertuaridan o‘rin olgan bu spektakl ishonamizki uzoq yillar Termiziylar ma’naviy me’rosini targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Teatrimiz elektron manzillari: WEB: sdvteatr.uz, Telegram: t.me/musdramteatr, Facebook: @surxonteatr, E-Mail: sv.musdramteatr@umail.uz



