
Ommaviy axborot vositalari orqali teatr ijodiy faoliyatini yoritish borasidagi ishlar.

Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodiy faoliyatini yoritish, mavjud spektakllarning targ‘ibot qilish maqsadida “Surxondaryo San’at Saroyi” davlat muassasasi kirish qismida o‘rnatilgan elektron tabloda teatrning harakatdagi repertuaridan o‘rin olgan spektakllarning roliklari muntazam berib borilayapti. Shuningdek, Saroy hududidagi maxsus tabloda namoyish etiladigan spektakllarning afishalari joylashtirilib borilayapti.
2019 yilning o‘tgan davri mobaynida teatrda o‘tkazilgan tadbirlar, Respublika va viloyat matbuot nashrlari, televideniya hamda radio orqali muntazam ravishda yoritib borilmoqda.
Jumladan, 2018 yil 20 dekabrdan 2019 yil 10 yanvarga qadar har kuni soat 16:00 dan 23:00 gacha Termiz shahridagi “Bolajon” madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan “Prezident archasi” tadbirida teatr xonandalari o‘z kuy va qo‘shiqlari bilan madaniy xizmat ko‘rsatishdi. Shuningdek, teatr aktyorlari tomonidan ertak qahramonlari qiyofasida bayram ishtirokchilari uchun tomoshalar ko‘rsatildi. Bayram sayli matbuotda keng yoritib borildi.
Teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Sehrli o‘rmon” yangi yil tomoshasi o‘quvchi yoshlarning ta’til vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida yanvar oyining birichi o‘n kunligida har kuni ikki marotabadan namoyish etib borildi. Ushbu tomoshalar namoyishiga viloyatning barcha tumanlaridan o‘quvchi yoshlar jalb etildi.
Yangi yil tomoshasi haqidagi reklama va tomoshaga qatnashgan murg‘ak qalb sohiblarining olgan ta’surotlari haqida lavhalar respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritib borildi.
14 yanvar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil topgan sana va “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etgan teatr jamoasining teatrlashtirilgan konsert dasturi viloyat televideniyesi va Ishonch telekanalining informatsion dasturlarida efirga uzatildi.
Mamlakatimiz Prezidentining tashabbuslari bilan 2019 yilning 26 yanvar kuni yurtimizda umumxalq ekologik xayriya hashari o‘tkazildi. Teatr jamoasining hashardagi ishtiroki haqidagi xabar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining nashri “Madaniyat” gazetasi (№5 (35) 31.01.2019) orqali e’lon qilindi.
Atoqli adib, davlat va jamoat arbobi, mamlakatimizning yuksak mukofotlari “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari sovrindori Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi 2018 yil yurtimizda keng nishonlandi. Adibning “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” qissasi asosida “Shunqor” spektakli sahnalashtirildi. Ushbu spektaklning 2019 yilgi namoyishlari ham tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Spektaklning tarbiyaviy ahamiyati haqida “Sahnada jonlangan hayot” sarlavhali maqola Surxon yoshlari gazetasining 2019 yil 16 yanvardagi (№1-2 (199) sonida e’lon qilindi.
2019 yilning 1-2 mart kunlari Tojikiston Respublikasi Sariosiyo tumanining Bobotog‘ massividagi bojxona postining tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan teatr jamoasining chiqishlari Sevimli, O‘zbekiston 24, Davr va mahalliy kanallar ATR, Ishonch, Surxondaryo telekanallarining informatsion dasturlari orqali yoritildi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavaluddining 578 yilligini nishonlash maqsadida joriy yilning 9 fevral kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan tadbirlarda Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan “Alisher Navoiy” spektaklidan parcha namoyish etildi.
Teatr sahnasida namoyish etilgan Uyg‘un va I.Sulton qalamiga mansub “Alisher Navoiy” spektakli Ishonch telekanali orqali yozib olinib to‘liq efirga uzatildi.
Shuningdek, Amir Temur tavvallud kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlarda ham teatr aktyorlari faol ishtirok etishdi. Tadbirlardagi teatrlashtirilgan tomoshalar ommaviy axborot vositalari orqali yoritildi.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra bir guruh xotin-qizlar mamlakatimizning yuksak mukofoti va ordenlari bilan taqdirlandilar. Mukofotlanganlar orasida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrining bosh baletmeysteri Sh.Jo‘rayeva ham bor. Surxon tonggi gazetasining 2019 yil 13 mart kunidagi 16 (17519) sonida “Kutilmagan tuhfa” nomli maqola e’lon qilindi.
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Termiz tumanidagi Otchopar saylgohida o‘tkazilgan saylda ishtirok etgan teatr jamoasining teatrlashtirilgan tomoshalari viloyat va respublika OAVlari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri va takroriy namoyish etildi.
Viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Sen ota-onanga vaqt ajratmasang, vaqt sendan ota-onagni ajratadi” ruknidagi tarbiyaviy ahamiyatga ega video roliklar muntazam ravishda viloyat televideniyesining efirlarida namoyish etib kelinmoqda.
Teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Kampir topaymi dadajon?”, “Alpomishning qaytishi” spektakllari Madaniyat va ma’rifat, Mahalla, O‘zbekiston telekanallarining kunduzgi va kechki dasturlarida efirga uzatilib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda YUNЕSKO huzuridagi Xalqaro teatr institutining IX kongressida ta’sis etilgan “27 mart – Xalqaro teatr kuni”ni yurtimizda keng nishonlash maqsadida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ham “Teatr tomoshalari haftaligi”ni tashkil etdi. Haftalik uchun tashkil etilgan ko‘rgazma, ijodiy uchrashuv va spektakllar haqida reklamalar tayyorlanib, Surxondaryo televideniyasida hamda Ishonch telekanali orqali efirga uzatildi. Haftalik tafsilotlari haqidagi lavhalar Davr, Ishonch va Surxondaryo telekanallarining informatsion dasturlari orqali yoritib borildi. Tadbir haqidagi axborotlari internet saytlari, O‘zA va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining nashri “Madaniyat” gazetasi (№13 (43) 28.03.2019) orqali xabarlar e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbuslari bilan ilk marotaba 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida o‘tkazilgan, tarixiy ahamiyatga ega nufuzli “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali”da teatr jamoasi teatrlashtirilgan tomoshalar, tarixiy shaxslar siymolari va “Navro‘zbek va Bahoroy” musiqali folklor tomoshasi bilan ishtirok etdi. Teatr jamoasining chiqishlaridan lavhalar, festival ta’surotlari haqidagi intervyular O‘zbekiston 24, O‘zbekiston Sevimli, Yoshlar, Ishonch, ATR va Surxondaryo teleradiokanallari orqali efirga uzatildi.
Teatr jamoasining 2019 yil 28-29 aprel kunlari Boysun tumanida o‘tkaziladigan “Boysun bahori” an’anaviy Xalqaro ochiq festivali va 9 may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan viloyat miqyosida tashkil etilgan tadbirlar hamda uchrashuvlardagi harbiylashtirilgan tomoshalari respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilib borildi.
Joriy yilning 13-16 may kunlari teatr jamoasi Namangan viloyatiga gastrol safari uyushtirdi. Gastrol haqida lavha Namangan viloyat teleradiokompaniyasi orqali efirga uzatildi.
Sevimli telekanali va Rossiyaning “Kultura” telekanali bilan hamkorlikda yurtimizda turizmni rivojlantirish uchun tayyorlanadigan hujjatli filmda foydalanish maqsadida, Sevimli telekanali ijodkorlari tomonidan “Shoh va shoir”, “Alpomishning qaytishi”, “Ziyo qal’asi” spektakllarini video tasvirga yozib olindi va uzatib borilmoqda.
2019 yilning 10-16 iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida o‘tkazilgan “Seni kuylaymiz, Zamondosh!” O‘zbekiston teatrlarining IV-respublika ko‘rik-festivalida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi Q.Norqobil qalamiga mansub “Zamindan olis ketma” spektakli bilan ishtirok etdi. Festival ta’surotlari haqida teatr direktori M.Qaraqulova, teatr adabiy yemakdoshi F.Toyirov va aktyori Sh.Shokirovlarning intervyulari hamda namoyish etilgan spektakl mohiyati haqida va teatr jamoasining festival doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida namoyish etgan spektakli haqidagi lavhalar O‘zMTRKning “Madaniyat va ma’rifat”, “O‘zbekiston 24”, “Mahalla” telekanallari, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining nashri “Madaniyat” gazetasi, Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining “Xabar” informatsion dasturi va radiosi, “Kar 24 uz” sayti, “Qaraqalpaq madaniyati” gazetasi va turli ijtimoiy saytlar orqali faol keng yoritib borildi.
Yozgi ta’tilni oromgohlarda o‘tkazayotgan yoshlar uchun namoyish etilayotgan “Quvnoq pingvingchalar” musiqali tomoshasi va Prezidentimiz ilgari surgan beshta tashabbusning birinchisi bo‘yicha gastrol doirasida yoshlar bilan qilinayotgan muloqot va mahorat darslari haqidagi lavhalar ham ommaviy axborot vositalari orqali yoritilib borilayapti.
2019 yil 26 iyun – Xalqaro giyovandlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan teatr ijodkorlari namoyish etgan “Pagon taqqan odamlar” spektakli haqidagi lavha Surxondaryo telekanali orqali efirga uzatildi.
27 iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan namoyish etilgan “Juft-juft laylaklar” spektakli haqidagi lavha, ko‘rsatuv va eshittirishlar Ishonch va Surxondaryo telekanallarining efiriga uzatildi. Shuningdek teatr hayotiga oid yangiliklar va namoyish etilayotgan spektakllar, jamoaning tadbirlardagi ishtiroki haqidagi lavha, xabar va axborotlar teatrning www.sdvteatr.uz rasmiy veb-sayti va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining sayti, Madaniyat gazetasi orqali ham yoritib borilayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 31 maydagi “Madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3022-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2017 yil 22 noyabrdagi 6-sonli Hay’at yig‘ilishi bayoning ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri va Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasining qo‘shma rejasiga muvofiq teatrning ustoz san’atkorlari va yosh iste’dod egalari ishtirokida turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilib kelinayapti. “Dil izhori”, “San’atga baxshida umr”, “Spektakldan avval”, “Teatr va tomoshabin”, “Sahnaning sehrli olami” ruknida eshittirish va ko‘rsatuvlar tayyorlanib kelinayapti. Kelgusida ham doimiy ravishda ijodiy faoliyatiga oid muhim yangiliklarni teatrning rasmiy veb sayti, televideniye, radio dasturlari hamda bosma ommaviy axborot vositalari orqali muntazam yoritib borish rejalashtirilgan.



