Asosiy kontentga o‘tish
← Barcha yangiliklar
Yangilik92 ko‘rish

Madaniyat va san’at fidoyilari yuksak e’tirof etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmon mamlakatimiz madaniy hayotidagi eng muhim voqealardan biriga aylandi. Ushbu Farmonga muvofiq, 167 nafar madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillari davlatimizning yuksak faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi.

Bu mukofotlar xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, boy madaniy merosimizni rivojlantirish va uni kelajak avlodga yetkazish yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan ijodkorlarga bildirilgan yuksak ishonch va e’tirofdir.
Mukofotlanganlar orasida teatr va kino san’ati namoyandalari, taniqli xonandalar, baxshilar, rassomlar, shoir va yozuvchilar, xalq amaliy san’ati ustalari, madaniyat markazlari xodimlari hamda yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qo‘shayotgan murabbiylar bor. Ularning har biri o‘z ijodi va mehnati bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy egallagan, milliy madaniyatimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan insonlardir.

Alohida ta’kidlash joizki, Prezidentimizning “Mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni ham keng jamoatchilik tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. Mazkur Farmon asosida 24 nafar marhum ijodkor davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Ular orasida milliy madaniyatimiz va san’atimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan, o‘zining boy ijodiy merosi bilan xalqimiz qalbida mangu yashab kelayotgan san’at va adabiyot namoyandalari bor.

Bugun, 29-may kuni Madaniyat vazirligida mukofotlanganlarning bir guruhiga madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan mukofotlar o‘z egalariga taqdim etildi.

Shuningdek, tantanali taqdirlash marosimlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida hamda Oliy Majlis Senatida davom etib, mukofotlar o‘z egalariga taqdim etildi.

Taqdirlash marosimidan so‘ng, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlarning xonadonlariga tashrif buyurilib, mukofotlar marhumlarning oila a’zolariga topshirildi.

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohalariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratish, milliy san’atimizni xalqaro maydonda targ‘ib qilish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday e’tibor natijasida o‘zbek madaniyati va san’ati yangi bosqichga ko‘tarilib, dunyo miqyosida tobora keng e’tirof etilmoqda.

Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ijodkorlarning yutuqlari yosh avlod uchun katta ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Ularning Vatanga muhabbat, san’atga sadoqat va xalq oldidagi mas’uliyat bilan yo‘g‘rilgan faoliyati kelajak avlodni ham ulkan marralar sari ruhlantiradi.

Prezident Farmonlari bilan madaniyat, san’at va adabiyot ahliga ko‘rsatilgan bunday yuksak e’tibor mamlakatimiz ma’naviy taraqqiyotining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Bu esa Yangi O‘zbekistonda inson qadri, ijod ahlining sha’ni va mehnati har tomonlama ulug‘lanayotganining amaliy tasdig‘idir.