
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli sahnalashtiruvchi rejissyor Marat Azimov 80 yoshda
Vazir Ozodbek Nazarbekov Marat Azimovning 80 yosh tavallud ayyomi bilan muborakbod etish maqsadida, O‘zbek Milliy akademik drama teatriga tashrif buyurdi. 14-mart kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbek Milliy akademik drama teatriga tashrif buyurib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatrning sahnalashtiruvchi rejissyori Marat Azimovning 80 yoshi munosabati bilan muborakbod etdi. Shuningdek, Marat Azimovni ko‘p yillik teatr sohasidagi samarali mehnati uchun "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni bilan taqdirladi. “Sahnadagi qariyb 50 yillik samarali faoliyatingiz, mamlakatimizning nufuzli teatr maskanlaridagi ijodingiz davomida orttirgan boy tajribangiz bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy olib, o‘sib kelayotgan yosh ijodkorlarni Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifalarni bajarishda g‘amxo‘r ustoz va tajribali murabbiy sifatida ibrat bo‘lib kelmoqdasiz. Sizni ko‘p yillar teatr sohasida samarali mehnat qilgan, boy hayotiy tajribaga ega, tomosha san’atlari rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi insonlardan biri deb bilamiz va yuksak qadrlaymiz. Fursatdan foydalanib, Sizni qutlug‘ yoshingiz bilan yana bir bor tabriklagan holda, ushbu quvonchli kunda Sizga sihat-salomatlik, uzoq umr, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-baraka, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman” – dedi Ozodbek Nazarbekov.







