
Yuksak unvonlar muborak boʻlsin!
Maʼlumki, yaqinda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Oʻzbekiston xalq artisti, “Yalla” ansambli badiiy rahbari Farrux Zokirovni “Ozarbayjon xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlash haqidagi farmonni imzolagan edi. Joriy yil 6-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi azaliy doʻstlik, strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va yangi bosqichga koʻtarish borasidagi ulkan xizmatlari uchun Ozarbayjon xalq artisti Poʻlat Bulbuloʻgʻliga “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonini berish toʻgʻrisidagi farmoni qabul qilindi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning Oʻzbekistonga davlat tashrifi doirasida bugun ikki ulugʻ sanʼatkorga faxriy unvonlarni tantanali topshirishga bagʻishlangan marosim tashkil etildi. Ikki mamlakat rasmiy doiralari vakillari, madaniyat va sanʼat namoyondalari qatnashgan fayzli tadbirda faxriy unvonlarni oʻz egalariga topshirish vazifasi men va hamkasbim, qadrdon doʻstim, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimliga yuklatilgani bizga katta sharaf bagʻishladi. Mukofotlangan ustoz sanʼatkorlarni yana bir karra chin dildan qutlayman. Niyatimiz shuki, Oʻzbekiston va Ozarbayjon doʻstligi abadiy boʻlsin!





