Asosiy kontentga o‘tish
← Barcha yangiliklar
Yangilik45 ko‘rish

Madaniyat vaziri bir qator madaniyat muassasalariga tashrif buyurdi

9-iyul kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bir qator madaniyat muassasalariga tashrif buyurdi. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatrida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etib, hududlardan tashrif buyurgan teatr mas'ullariga maxsus yuk avtotransport (Isuzu) vositalarining kalitlarini tantanali ravishda topshirdi. Ma'lumot o'rnida aytish joizki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan davlat teatrlari va “O'zbeksirk” davlat muassasasini bosqichma-bosqich avtobus hamda yuk transport vositalari bilan ta'minlash belgilangan. Shunga ko'ra, 2024-yilda 15 ta teatrga avtotransport vositalari taqdim etildi. Shundan so'ng, madaniyat vaziri O'zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati institutida o'tkazilayotgan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni kuzatdi. Tashrif davomida Ozodbek Nazarbekov institut rektori, professor Avaz Mansurov hamrohligida ijodiy imtihon komissiyalari a'zolari, abituriyentlar, ularning ota-onalari bilan samimiy muloqot qilib, sinov jarayonlari va institutda ta'lim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. O'z navbatida, bugun milliy estrada san'atini rivojlantirishdagi dolzarb masalalar yuzasidan mutaxassislar bilan fikr-mulohaza almashdi. Muloqot so'nggida imtihonlarni shaffof va adolatli o'tkazish madaniyat va san'at sohasi kelajagining eng muhim omillaridan biri ekanini alohida qayd etib, abituriyentlarga muvaffaqiyat tiladi.