Asosiy kontentga o‘tish
← Barcha yangiliklar
Yangilik42 ko‘rish

Avval xabar qilganimizdek, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida gastrol safarida bo‘lib qaytdi.

Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri va Tojikiston Respublikasining Lohuti nomidagi davlat Akademik drama teatri o‘rtasida besh yilga mo‘ljallangan memorandum imzolandi. Teatr jamoalarining kelgusidagi ijodiy hamkorligi o‘zaro gastirollar almashinuvi borasida kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchixonasi mas'ullari hamda teatrlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan samimiy muloqot chog‘ida ikki davlatning do‘stona aloqalari, qadimiy va mushtarak maqsadlari, madaniyati va urf-odatlari haqida so‘z yuritilib, boshqa-boshqa tillarda so‘zlashishsada til, millat, makon va manzil tanlamas san'at ularni ezgu maqsadlar sari yetaklovchi muhim vositalardan ekanligi ta'kidlandi. Kelgusida teatrlar o‘rtasidagi kelishuv va imzolangan memorandum ham ikki qardosh davlatlar xalqlarini yanada birlashtirish, ularni teatr san'atidan bahramand etish imkonnini berishi e'tirof etildi.

Gastrol doirasida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi tomonidan namoyish etilgan "Momo yer" spektakli tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Jahon adabiyotining yetuk namoyondalaridan biri Chingiz Aytmatov asari asosida rejissor Farxod Boltayev va sahnalashtiruvchi rassom Xayrullo Chorshanbiyevlar tomonidan sahnalashtirilgan ushbu spektaldagi topilmalar, rassom va rejissorning professional yondashuvlari, aktyorlarning ovoz imkoniyatlari, ijro mahoratlari, spektaklning ta'sirchanligi, boshqa teatrlar talqinidan mutlaqo farq qilishi kabi jihatlar Tojikiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mutaxassislari, yetuk san'at darg‘alari tomonidan alohida e'tirof etildi. Spektakl yakunida so‘z olgan san'at namoyondalari Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasining imkoniyatlari va yuksak ijro mahoratidan hayratlanganlari, kelgusidagi gastrollar ham tomoshabinlar uchun bugungidek ta'surotlarga boy bo‘lishini ta'kidlashdi. Teatr jamoasini shunday ta'sirchan, tomoshabinni mulohzaga chorlovchi asarlar bilan kutib qolishlarini bildirishdi.

Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasining 2023 yil 2-3 noyabr kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahriga uyushtirgan ta'surotlarga boy gastrol safari o‘z nihoyasiga yetdi.